BSBonlayn baholash

Qo‘llanma: birinchi testdan hisobotgacha

O‘qituvchilar uchun qadam-baqadam yo‘riqnoma: sinflarni kiritish, savollar bazasi, test tuzish va ochish, o‘quvchi qanday ishlashi, AI tekshiruvi, natija va hisobotlar. Skrinshotlardagi o‘qituvchi, maktab va o‘quvchilar o‘ylab topilgan.

PDF qilib yuklab olish Kabinetni ochish Video qo‘llanma tez orada

1Kabinetga kirish

O‘qituvchi kabineti — bsb-admin.ibnsino-termiz.uz. Login va parolni administrator beradi. Kabinet kompyuterda ham, telefonda ham ochiladi.

  1. Brauzerda kabinet manzilini oching, login va parolingizni kiriting.
  2. Birinchi kirishda viloyat, tuman, maktab va uning manzilini kiriting. Maktabingiz ro‘yxatda bo‘lsa — tanlaysiz, bo‘lmasa yangisini yozasiz.
  3. Chap menyuning tepasida faningiz turadi. Siz faqat o‘z faningizning savollari va testlarini ko‘rasiz.
  4. «Boshqaruv paneli»da hozir ketayotgan testlar, ularning kodi va nechta o‘quvchi tugatgani ko‘rinadi.
Birinchi kirish: maktabingiz haqida ma’lumot
Birinchi kirish: maktabingiz haqida ma’lumot
Boshqaruv paneli: hozir ketayotgan testlar va ularning kodi
Boshqaruv paneli: hozir ketayotgan testlar va ularning kodi

Parolni «Mening profilim» bo‘limida o‘zgartirasiz. Parolni unutsangiz, administratorga ayting — yangisini beradi.

2Sinflar va o‘quvchilar

Testni sinf ishlaydi, shuning uchun avval sinflaringizni va o‘quvchilarni kiritasiz. Buni bir marta qilasiz — keyin barcha testlarda ishlatasiz.

  1. «Sinflar va o‘quvchilar» bo‘limida «Sinf qo‘shish»ni bosing. Sinf nomini (masalan, 7-A) va o‘quv yilini yozing.
  2. Sinf kartasini bosing — sinf sahifasi ochiladi. «O‘quvchilar qo‘shish»ni bosing.
  3. Har bir qatorga bitta o‘quvchining familiyasi va ismini yozing, Enter — keyingi qator. Ro‘yxatni Word yoki Excel’dan nusxalab joylasangiz, har bir qator alohida o‘quvchi bo‘ladi.
  4. «Saqlash»ni bosing. Ismni qalamcha bilan tahrirlaysiz, boshqa maktabga ketgan o‘quvchini savatcha bilan o‘chirasiz.
Sinflar ro‘yxati
Sinflar ro‘yxati
O‘quvchilarni qatorma-qator qo‘shish
O‘quvchilarni qatorma-qator qo‘shish

Test paytida o‘quvchi ro‘yxatdan o‘z ismini qidiradi. Familiyani to‘liq va to‘g‘ri yozing — bola o‘zini tez topadi.

3Hamkasblar bilan sinxronlash

Bir maktabda bir nechta fan o‘qituvchisi bo‘lsa, sinflarni har kim qaytadan kiritishi shart emas: bir kishi kiritadi, qolganlar sinxronlashadi.

  1. «Sinflar va o‘quvchilar» → «Hamkasblar bilan sinxronlash». Ro‘yxatda shu maktabda ishlaydigan o‘qituvchilar ko‘rinadi.
  2. Hamkasbingiz yonidagi tugmani bosing — unga so‘rov boradi.
  3. U rozi bo‘lsa, ikkalangiz bir-biringizning sinflarini ko‘rasiz va testlarda ishlatasiz. Sizga so‘rov kelsa, yuqoridagi qo‘ng‘iroqcha belgisida raqam chiqadi.
Hamkasblar bilan sinxronlash sahifasi
Hamkasblar bilan sinxronlash sahifasi
Sinxronlash so‘rovi qo‘ng‘iroqchada
Sinxronlash so‘rovi qo‘ng‘iroqchada

Sinxronlashni istalgan vaqtda «To‘xtatish» tugmasi bilan bekor qilasiz. Har kim o‘z kiritgan sinflari bilan qoladi.

4Savollar bazasi

Testdagi har bir savol avval bazaga tushadi. Bazani bir marta to‘ldirasiz va keyingi choraklarda, keyingi yillarda qayta ishlatasiz. Savol turlari: bitta javobli test, ko‘p javobli test, to‘g‘ri/noto‘g‘ri, qisqa javob, ochiq (yozma) javob, rasmli topshiriq va loyiha ishi.

  1. Qo‘lda: «Savol qo‘shish» → turi, sinf, chorak va maksimal ballni tanlang, savol matnini yozing. Test savolida to‘g‘ri variantni belgilang. Yozma savolga namunaviy javob va baholash mezonini yozing — AI shunga qarab tekshiradi.
  2. Fayldan: «BSB faylidan» yoki «ChSB faylidan» → PDF, Word yoki rasmlarni tanlang → «AI bilan o‘qish». AI faylni savollarga ajratadi: matni, mezoni, ballari bilan.
  3. Fayldan o‘qilgan savollar «Tasdiq kutmoqda» holatida turadi. Har birini ko‘rib chiqing, kerak bo‘lsa tuzating va «Tasdiqlash»ni bosing. Shundan keyingina ularni testga qo‘shish mumkin.
  4. AI bilan tuzish: darslik mavzusini tanlasangiz, AI BSB talablariga mos yangi topshiriq tuzib beradi. Uni ham ko‘rib, tasdiqlaysiz.
Savollar bazasi: qo‘shish usullari va filtrlar
Savollar bazasi: qo‘shish usullari va filtrlar
Yangi savol formasi
Yangi savol formasi
BSB faylini yuklash
BSB faylini yuklash

Ochiq savolga namunaviy javob yoki baholash mezoni yozilmasa, AI uni tekshira olmaydi. Qo‘lda yozilgan savol esa darhol tasdiqlangan hisoblanadi.

5Darsliklar

Yozma javoblar darslik asosida tekshiriladi. AI javobni darslikning tegishli sahifalari bilan solishtiradi va qaroriga manba sifatida bet raqamini yozadi: «34-betdagi ma’lumot asosida». Bola darslikdagi ta’rifni yozsa, u to‘g‘ri hisoblanadi.

  1. «Darsliklar» bo‘limida fan darsligining PDF faylini yuklang va qaysi sinf, qaysi chorak uchun ekanini belgilang.
  2. AI kitobni bir marta o‘qib chiqadi. Bet raqamlari avtomatik aniqlanadi.
  3. Savolga darslik o‘zi biriktiriladi — sinf va chorak bo‘yicha. Kerak bo‘lsa, savol formasida aniq betlarni ko‘rsatasiz.

Darslik bir marta yuklanadi va shu fanning barcha o‘qituvchilariga xizmat qiladi.

6Test tuzish

Test — bazadagi savollardan tuzilgan nazorat ishi. Uni oldindan tayyorlab qo‘yasiz, dars boshida ochasiz.

  1. «Testlar» → «Yangi test». Avval turini tanlang: BSB, ChSB, oddiy test yoki loyiha ishi. Turga qarab forma soddalashadi.
  2. Test nomi, sinf, chorak va davomiylikni (daqiqada) kiriting.
  3. Chapdagi savollar bazasidan savollarni bosib tanlang — ular o‘ngdagi «Testdagi savollar»ga o‘tadi.
  4. Xohlasangiz «Har bir o‘quvchiga — N ta savol»ni tanlang: har kimga tasodifiy savollar tushadi, jami ball esa hammada bir xil bo‘ladi (masalan, 50).
  5. Qaysi sinflar ishlashini belgilang va «O‘quvchi natijasini qachon ko‘radi»ni tanlang: butun sinf tugatganda, siz ochganingizda yoki darhol.
  6. «Saqlash». Test qoralama bo‘lib turadi — uni hali hech kim ko‘rmaydi.
Test turini tanlash
Test turini tanlash
Test formasi: savollar, sinflar va sozlamalar
Test formasi: savollar, sinflar va sozlamalar

«O‘quvchi ko‘zi bilan» tugmasi testni o‘quvchi qanday ko‘rishini ko‘rsatadi. Ochishdan oldin bir ko‘rib chiqing.

7Testni ochish: havola va kod

Har bir testning o‘z havolasi bor, masalan bsb.ibnsino-termiz.uz/t/vsgv7p. Testni ochganingizda kod paydo bo‘ladi — o‘quvchilar shu kod bilan kiradi.

  1. Dars boshida testni «Ochish» tugmasi bilan oching. Kod paydo bo‘ladi (masalan, 482915).
  2. «Doskaga» tugmasi kod va QR kodni katta qilib ko‘rsatadi — proyektorga chiqaring yoki kodni doskaga yozing.
  3. Havolani o‘quvchilarga yuboring (masalan, sinf guruhiga) yoki QR kodni telefonda skanerlashni ayting.
  4. Dars tugagach «Yopish»ni bosing — yopilgan testga yangi o‘quvchi kira olmaydi.
Testlar ro‘yxati: havola, kod va tugmalar
Testlar ro‘yxati: havola, kod va tugmalar
«Doskaga» oynasi: kod va QR kod
«Doskaga» oynasi: kod va QR kod

Kod faqat shu test uchun. Boshqa sinf yoki boshqa test kodi bilan kirib bo‘lmaydi.

8O‘quvchi qanday ishlaydi

O‘quvchiga ro‘yxatdan o‘tish, elektron pochta yoki parol kerak emas. Kompyuter, planshet yoki telefon va brauzer yetarli.

  1. Havolani ochadi va sinfini tanlaydi.
  2. Ro‘yxatdan o‘z ismini topadi — familiyasini yozib qidirishi mumkin.
  3. Doskadagi kodni kiritadi va «Testni boshlash»ni bosadi. Shu paytdan vaqt hisoblana boshlaydi.
  4. Savollarga javob beradi, raqamlar bilan savoldan savolga o‘tadi. Javoblar o‘zi saqlanadi: sahifa yopilib qolsa, yana kirib davom ettiradi.
  5. «Yakunlash»ni bosadi. Vaqt tugasa, ish o‘zi topshiriladi.
1. Sinfini tanlaydi
1. Sinfini tanlaydi
2. Ismini topadi
2. Ismini topadi
3. Kodni kiritadi
3. Kodni kiritadi
4. Javob yozadi
4. Javob yozadi

Javob maydoniga boshqa joydan nusxa ko‘chirib qo‘yib bo‘lmaydi — o‘quvchi o‘zi yozadi. Urinishlar soni sizga ko‘rsatiladi.

9Natijalar va AI tekshiruvi

Yopiq savollar topshirilishi bilan baholanadi. Yozma javoblarni AI siz bergan namunaviy javob, mezon va darslik asosida tekshiradi — siz esa ko‘rib chiqib, tasdiqlaysiz.

  1. «Natijalar» bo‘limida testni tanlang: kim tugatgani, kim hali yozayotgani, ball va foizlar ko‘rinadi.
  2. Yozma javoblar uchun «AI tekshiruv»ni bosing. Agar test sozlamasida «darhol» tanlangan bo‘lsa, javob o‘quvchi topshirishi bilan tekshiriladi.
  3. «Ishini ko‘rish» — o‘quvchining har bir javobi, AI qo‘ygan ball va uning izohi. Rozi bo‘lmasangiz, ballni o‘zgartiring yoki «To‘g‘ri», «Qisman», «Noto‘g‘ri» tugmalaridan birini bosing.
  4. O‘quvchining kompyuteri o‘chib qolgan yoki boshqa sabab bo‘lsa, «Qayta topshirish» bilan uning ishini bekor qilib, qaytadan ishlashga ruxsat berasiz.
Natijalar jadvali
Natijalar jadvali
O‘quvchi ishi: AI qarori va izohi, ballni o‘zgartirish
O‘quvchi ishi: AI qarori va izohi, ballni o‘zgartirish
«AI tekshiruv» oynasi
«AI tekshiruv» oynasi

AI har bir qaroriga sabab yozadi: nima to‘g‘ri, nima yetishmaydi. Shuni o‘qib, bir necha soniyada rozi bo‘lasiz yoki ballni o‘zgartirasiz.

10Natijani o‘quvchiga ochish

Natija qachon ko‘rinishini test tuzishda tanlagansiz:

  • Butun sinf tugatganda — sinfning hammasi topshirgach (yoki test yopilganda) natija o‘zi ochiladi.
  • O‘qituvchi ochganda — tekshirib bo‘lgach «Hammaga natijani ochish»ni yoki bitta o‘quvchi uchun «Natija» ustunidagi tugmani bosasiz.
  • Darhol — o‘quvchi topshirishi bilan ko‘radi.
  1. Natija sahifasida o‘quvchi jami ballini, har bir savol bo‘yicha balli va izohni ko‘radi.
  2. Xato qilingan test savolida to‘g‘ri javob va uning qisqa sababi yoziladi.
  3. To‘liq bajarilmagan savolda darslikdagi mavzu nomi va beti ko‘rsatiladi — bola nimani takrorlashni biladi.
Natija hali yopiq
Natija hali yopiq
Natija ochilgach
Natija ochilgach

Natija yopiq turganida o‘quvchi «Natijani o‘qituvchingiz ochadi» xabarini ko‘radi. Shu tufayli javoblar sinfdoshlarga tarqalmaydi.

11Hisobotlar

Qog‘oz arxiv o‘rniga — bir bosishda tayyor hisobotlar. Ular «Natijalar» bo‘limining yuqorisida.

  1. PDF hisobot — natijalar va tahlil bitta faylda: o‘rtacha ball, savollar bo‘yicha tahlil. Rahbariyat so‘raganda shu yetarli.
  2. Excel — har bir o‘quvchi va har bir savol jadvalda.
  3. O‘quvchilar tahlili (PDF) — har bir o‘quvchiga bir bet: savollar bo‘yicha ballari va AI yozgan qisqa xulosa. Ota-onalar majlisi uchun qulay.

Hisobotlar istalgan vaqtda qayta yuklab olinadi — natijalar platformada saqlanib turadi.

12Loyiha ishi

Scratch dasturi, video, audio yoki hujjat bilan topshiriladigan ishlar uchun. Daqiqa o‘rniga topshirish muddati beriladi.

  1. Loyiha topshirig‘ini savol sifatida qo‘shing (yoki loyiha hujjatini «BSB faylidan» yuklang): shart, baholash mezonlari va o‘quvchi topshiradigan fayllar.
  2. «Yangi test» → «Loyiha ishi». Topshirish muddatini (sana va vaqt) belgilang va testni oching.
  3. O‘quvchi muddat tugaguncha fayllarini yuklaydi, xohlasa almashtiradi. Katta video bo‘laklab yuklanadi, internet uzilsa o‘zi qayta urinadi.
  4. AI fayllarni mezon bo‘yicha ko‘rib chiqadi: Scratch bloklarini, hujjat sahifalarini, video kadrlarini. Siz videoni shu sahifaning o‘zida ko‘rib, ballni tasdiqlaysiz.
O‘quvchi sahifasi: loyiha sharti, mezonlar va fayl joylari
O‘quvchi sahifasi: loyiha sharti, mezonlar va fayl joylari

Fayl hajmi: Scratch — 50 MB gacha, video — 300 MB, audio — 100 MB, hujjat yoki rasm — 30 MB gacha.

13Umumiy testlar

Administrator tayyorlagan testlar (masalan, chorak ChSB) shu fanning barcha o‘qituvchilariga ochiladi. Har kim bir xil testni qaytadan kiritmaydi.

  1. «Testlar» → «Umumiy testlar» varag‘ini oching.
  2. Kerakli test yonidagi «Foydalanish»ni bosing — test sizga nusxa bo‘lib o‘tadi.
  3. Nusxada sinflaringizni tanlang va odatdagidek oching. Natijalar faqat sizda ko‘rinadi.
  4. O‘z testingizni ham hamkasblarga taklif qilishingiz mumkin — administrator tasdiqlagach, u umumiy testlarga qo‘shiladi.
Umumiy testlar
Umumiy testlar

14Yangilanishlar va yordam

Platforma tez-tez yangilanadi. Yangi versiya chiqqanda kabinetda xabar chiqadi, menyudagi «Yangilanishlar» bo‘limida nima qo‘shilgani va nima tuzatilgani yoziladi. Shu ro‘yxat saytda ham bor: Yangilanishlar.

Kabinetdagi «Yangilanishlar» bo‘limi
Kabinetdagi «Yangilanishlar» bo‘limi

Savolingiz yoki taklifingiz bo‘lsa, administratorga yoki aloqa sahifasi orqali yozing. Ko‘p imkoniyatlar aynan o‘qituvchilarning taklifi bilan qo‘shilgan.